Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi va sud'yalari tomonidan Chust tumani “Zarafshon” va “Do‘zanda” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish masalasida huquqiy tadbirlar o‘tkazildi.

Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi va sud'yalari tomonidan Chust tumani “Zarafshon” va “Do‘zanda” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish masalasida huquqiy tadbirlar o‘tkazildi.Tadbirlarda Asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitusiyamizning 76-moddasida Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi alohida e'tirof etilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

2023 yil davomida viloyatimizda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan yetti mingga yaqin xotin-qizlarning oilaviy, uy-joy, mehnat, aliment va moddiy ta'minot olishga oid huquqlari tiklandi.Biroq, jamiyatimizda qonunsiz nikoh asosida turmush qurgan xotin-qizlarning oiladagi huquqlari birmuncha cheklangan holda bo‘ladi. Bunday xotin-qizlar farzandlariga tug‘ilganlik guvohnomalarini olishda, uy-joyga bo‘lgan bo‘lgan huquqlarini himoya qilishda, turmush o‘rtog‘ining mulkidan meros olishda muammolarga duch kelmoqdalar. Shu sababli xotin-qizlar turmush qurishda nikohni qonuniy rasmiylashtirishlari lozim bo‘ladi. Shu bilan birga er-xotinlarga nikoh shartnomasini tuzishlari yuzasidan maslahatlar berildi. Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.Mazkur shartnomani tuzish orqali er-xotin o‘zining mulkiy huquqlari himoyasini kafolatlaydi. Nikoh shartnomasining tuzilishi nikoh tugatilgandan keyin ham sobiq er-xotinlar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni tartibga solishda muhimdir. Ya'ni, shartnomada mulkiy munosabatlarga oid qoidalarning batafsil aks ettirilishi keyinchalik yuzaga keladigan mulk bilan bog‘liq nizolar, kelishmovchiliklarni sudgacha, tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyatini yaratib, sudlashib yurishning oldi olinadi. Tadbirlar davomida jamiyatimizda ko‘plab ayollarni oilaviy zo‘ravonlikka uchrash holatlari uchrab turganligi ham qayd etib o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunida oilaviy zo‘ravonlik deganda nafaqat jismoniy zo‘ravonlikni, balki jinsiy, iqtisodiy ruhiy va ma'naviy zo‘ravonlik ham nazarda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 1261-moddada oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun jazo choralari kuchaytirildi. Bunday harakatlar shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha'ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida sodir qilinmoqda. Viloyatimizda oilaviy zo‘ravonlikga uchragan xotin-qizlarning hisobi olib borilmoqda. Ularga huquqni muxofaza qilish idoralari (IIB) tomonidan himoya orderlari berilib, moddiy, ma'naviy va psixologik yordamlar ko‘rsatilmoqda.Tadbirlar davomida fuqarolardan kelib tushgan savollarga sud'yalar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda mavzular bo‘yicha viloyat sudi tomonidan ishlab chiqilgan huquqiy qo‘llanmalar tarqatildi.

Namangan viloyatsudining sud'yasi G‘ayratali Darvishaliev