O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2024 yil 27 oktyabrda o‘tkazilishi belgilangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazilishini e’lon qildi. Bungacha O‘zbekistonda parlament saylovlari majoritar tizim bo‘yicha o‘tkazilib kelingan.

Xususan, majoritar tizim - o‘z saylov okrugida eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylangan deb topiladigan saylov tizimidir. Masalan, Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputatlarni saylashda 150 ta hududiy saylov okrugi shakllantiriladi. Ularning har biri fuqarolar ovoz beradigan saylov uchastkalariga bo‘linadi. Har bir saylov okrugidan bittadan deputat saylanadi.
Proporsional tizim esa, har bir partiya parlamentda qo‘lga kiritadigan o‘rinlar soni saylovda unga berilgan ovozlar soniga ko‘ra belgilanuvchi saylov tizimidir. Uning majoritar tizimdan farqi shundaki, bunda saylovchilarga partiyadan muayyan nomzodga emas, partiyaning o‘ziga ovoz berish taklif qilinadi. Proporsional tizimda har bir partiya deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini ovozga qo‘yadi. Partiyalar ro‘yxatlarni mustaqil ravishda tuzadilar, ularga eng faol, eng taniqli siyosiy arboblarni kiritadilar.
Majoritar-proporsional yoki aralash saylov tizimiga o‘tish yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etishning ustuvor chora-tadbirlaridan biri bo‘lib, ushbu gibrid tizim o‘z tarkibida jamiyatdagi siyosiy kuchlar muvozanatini aks ettiruvchi parlamentni shakllantirish imkonini berib, siyosiy partiyalarni mustahkamlaydi va raqobat o‘sishiga imkon yaratadi. Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Demak, 27 oktyabr sanasida saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikki byulleten orqali ovoz beradi: birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, boshqasida o‘zi ishongan siyosiy partiyani belgilaydi.





