Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar har 10 yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazishlari orqali aholi soni, yoshi, jinsi, ma’lumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turar-joyi va yashash sharoitlari kabi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo‘lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o‘zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Birinchi bosqichda:
Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi, ro‘yxatga olish tadbiri dasturini, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi, har bir ro‘yxatga oluvchilarni o‘z hududi bo‘yicha xaritalar bilan ta’minlanadi.
Har bir xonadon raqamlanishi va ko‘chalar nomlanishi amalga oshiriladi. Shuningdek, ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga bevosita mas’ul bo‘ladilar va shakllantirilgan ma’lumotlar haqqoniy bo‘lishi shart. Bu jarayonga voyaga yetgan yoshdagi va muomala layoqatiga ega bo‘lgan shaxslar jalb etilishi mumkin. Birinchi navbatda, Prezident huzuridagi statistika agentligi va uning hududiy organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa toifadagi shaxslar ham mazkur jarayonda ishtirok etishga rozi bo‘lgan taqdirda jalb qilinishi mumkin. Tuman va shahar hokimliklari bilan birgalikda joylarda ro‘yxatga oluvchi xodimlarni o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi.
Ikkinchi bosqichda:
Bevosita aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘grisidagi ma’lumotlar yig‘iladi.
Uchinchi bosqichda:
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri natijalarini e’lon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri iqtisodiy jihatlari va bu tadbir bizga nima beradi?
Xalqaro tajribaga asosan aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri iqtisodiy jihatdan bizga nima beradi?
Birinchidan, aholi soni, yosh tarkibi, jinsi, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar soni, aholini yashash sharoitlari va umumiy demokrafik ko‘rsatkichlarga aniqlik kiritiladi.
Ikkinchidan, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qiladi.
Uchinchidan, aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda ishlatiladi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar qaysi moliyaviy manbalar hisobiga qoplanadi?
O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasiga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun ko‘zda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi. Moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar hajmi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi va boshqa mas’ul idoralar hisob-kitoblari asosida, shuningdek, tender savdolari va tender hujjatlarini rasmiylashtirish natijalari bo‘yicha aniqlanadi.





