Bugun xalq deputatlari Chust tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 

Unda tashkiliy masala ko‘rilyapti.

Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma'ruza qildi.

Viloyat rahbari keyingi yillarda Chust tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, islohotlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tanqidiy tahlil qildi.     

Shundan so‘ng deputatlar Namangan viloyati hokimining Hamdamov Bekzod Ismoilovichni Chust tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorini bir ovozdan ma'qulladilar.

Shuningdek, deputatlar Bekzod Hamdamovni xalq deputatlari Chust tumani kengashi deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish haqidagi arizasi yuzasidan kengash qarorini ham tasdiqladilar.

Shundan so‘ng,  viloyat rahbari Chust tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod - Salimjonov Baxtiyorjon Raximjonovichni tanishtirdi

Muzokarada so‘zga chiqqanlar tumanning yangi hokimi atrofida jipslashib, hududni obod qilish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga hissa qo‘shishlarini ta'kidladilar.

Viloyat hokimining Salimjonov Baxtiyorjon Raximjonovichni Chust tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  "Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 05.01.2024 yildagi  PQ-5-sonli qarori ijrosini ta'minlash va suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Chust tumanidagi "Damariq" kanalini bosh inshootini va 100 metr qismini rekonstruksiya va betonlashtirish ishlari borishini ko‘zdan kechirdi.

Loyiha qiymati 4,9 mlrd.so‘m bo‘lgan to‘g‘on qurish ishlarida tuproq ishlari 50%, betonlash ishlari 40 % bajarilgan bo‘lib, 3 ta ekskavator, 2 ta Avtosamasval, va 3 ta boshqa yuqori unumli texnikalar ish olib bormoqda.

Ushbu ishlarini sifatli va tezlikda yakunlash bo‘yicha mas'ullarga  tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ota-onada mas'uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta'lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev

Chust tumanidagi “Quyi Karnon” mahallasida joylashgan 15-maktabda o‘tkazilgan uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalar, “Maktab – ota-ona – mahalla” hamkorligi, bilim olishga kuchli ishtiyoqni shakllantirish, umuman, katta hayotga qadam qo‘yishda farzandlarga qanday yo‘l-yo‘riq berish haqida so‘z yuritildi.

Unda  tuman hokimligi, hududdagi mavjud 72 ta MFYning yettiligi, maktab direktorlari hamda aholi vakillari qatnashdilar. 

Tadbirda ishtirok etgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari  Musoxon Appaqov ota-onalarga murojaat qilib, farzand tarbiyasi, uning kelajakdagi kamoloti haqida ko‘proq qayg‘urishga chaqirdi.

Mahalla faollarining bu boradagi faoliyati yuzasidan hisoboti, kelgusi rejalari eshitildi.

Seminar davomida bir guruh namunali o‘quvchilarning ota-onalariga tuman hokimining tashakkurnomalari topshirildi. Ularning farzandlari ta'lim-tarbiyasiga e'tiborlari e'tirof etildi.

Chust tumani hokimligi Axborot xizmati.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin. Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi. Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi. Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi. Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida: bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da; ijtimoiy muassasalarda; diniy muassasalarda; shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida; qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.